Uraxus qoldiqlari: anatomiyasi, ultratovush belgilarining differensial tahlili va klinik ahamiyati
Main Article Content
Abstract
Uraxus — bu embrional davrda siydik pufagi va kindik orasida joylashgan naychali tuzilma bo‘lib, tug‘ilishdan so‘ng odatda to‘liq obliteratsiyalanib, median umbilikal ligament shaklida saqlanib qoladi. Ammo ayrim hollarda bu obliteratsiya jarayoni to‘liq kechmaydi va uraxusning turli patologik holatlari — patent urachus, urachal kist, urachal sinus, divertikul yoki hatto uraxial karsinoma shaklida namoyon bo‘ladi. Uraxus patologiyalari nisbatan kam uchraydigan, ammo klinik ahamiyati yuqori bo‘lgan holatlar sirasiga kiradi, chunki ular infeksiya, siydik oqishi, surunkali yallig‘lanish yoki malignezatsion o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin.
So‘nggi yillarda tasvirlash texnologiyalarining rivojlanishi uraxus patologiyalarini erta bosqichda aniqlash imkonini berdi. Shu jumladan, ultratovush tekshiruvi (UTT) — bu sohada eng qulay, xavfsiz, arzon va nisbatan informativ diagnostik usul sifatida keng qo‘llanilmoqda. Uraxus sohasidagi patologik o‘zgarishlarni ultratovush yordamida baholash nafaqat kasallikning mavjudligini aniqlash, balki uning turi, o‘lchami, joylashuvi va atrof to‘qimalarga nisbatan chegaralarini aniqlash imkonini beradi.
UTT yordamida olingan ma’lumotlar asosida uraxusning qoldiq qismlari, kistalar, fistulalar yoki yallig‘lanish o‘choqlari aniq ko‘rinadi. Shuningdek, Doppler rejimidan foydalanish orqali qon oqimining xususiyatlarini baholab, yallig‘lanish yoki o‘smaviy jarayonlar orasidagi farqni aniqlash mumkin. Malignezatsiya jarayonlarga xos belgilar, xususan, devorlarining notekisligi, exostrukturaning g‘ovakligi va patologik qon tomir tarmoqlanishi ultratovushda sezilarli diagnostik ahamiyatga ega.
Ushbu maqolada uraxusning embrional rivojlanishi, anatomik xususiyatlari, uning patologik turlari, klinik belgilari hamda ultratovush diagnostikasi imkoniyatlari batafsil tahlil qilinadi. Shuningdek, UTT natijalarining klinik ma’lumotlar bilan taqqoslanishi asosida erta diagnostika va to‘g‘ri davolash taktikasini tanlashning ahamiyati yoritib beriladi. Tadqiqotning asosiy maqsadi — uraxus patologiyalarining ultratovush belgilarini tizimlashtirish, ularning differensial diagnostikasida UTTning rolini ko‘rsatish va klinik amaliyotda qo‘llanishini yanada takomillashtirishdan iborat.
Downloads
Article Details
Section

This work is licensed under a Creative Commons Attribution 4.0 International License.